Rossiya prezidenti Vladimir Putinning amakivachchasi Igor Putin Daniyaning eng yirik bankining Estoniya filiali orqali 230 milliard dollarni “uxlatganlikda” gumon qilinmoqda. Bu haqda “Fokus” xabar berdi.
Ushbu gumon haqida bankning sobiq menejeri Govard Uilkinson CBS’ga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bankning Estoniya bo‘limidan har kuni 20 million dollarga yaqin pul o‘tib turgan. Pullar go‘yo Londonda ro‘yxatdan o‘tgan Lantana Trade firmasining hisobiga o‘tkazilgan. Aslida esa bu firma Britaniyaning hukumat saytida faoliyat ko‘rsatmayotgan holatdagi firma sifatida ko‘rsatilgan.
Shubhali operatsiyani sezgan Uilkinson buni to‘rt nafar yuqori darajadagi bank rahbarlariga ma’lum qilgan. Ular bunga hech qanday munosabat bildirmaganidan so‘ng, menejer ishdan bo‘shab, Britaniyaga ketgan.
Muammolardan biri Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qarindoshlarining pul yuvish sxemasida ishtiroki edi.
“Taxminimcha, bu Vladimir Putinning amakivachchasi Igor Putin bo‘lgan. Federal xavfsizlik xizmatiga havolalar bo‘lgan. Xavfsizik xizmati, menimcha, Davlat xavfsizlik qo‘mitasining bir bo‘lagi bo‘lsa kerak. Bu go‘yo maxfiy politsiyaga o‘xshaydi. Kompaniyani boshqaruvchi odamlarning Rossiyada bankrot bo‘lgan bir qancha banklar bilan aloqasi bo‘lgan”, — deydi Uilkinson.
Izoh (0)