Ijtimoiy tarmoqlarda Ahmadjon Tursunboyevning OAVga bergan intervyusi tasvirlangan video tarqaldi, deb yozadi “Kun.uz”.

Foto: “Kun.uz”

“Men sud hukmidan norozi emasman. Bir narsani iltimos qilaman: fuqarolar pulni o‘z xohishi bilan olib kelgan, ularni hech kim majburlamagan. Fuqarolar xudodan qo‘rqsin, 10 ming pulini 20 ming, 25 ming qilib olgan. Yo‘q narsani, uyimni sotdim, joyimni sotdim, deb tuhmat qilmasin. Xudodan qo‘rqsin.

Men o‘zim uchun to‘g‘ri ishlaganman, fuqarolarni aldamaganman. Fuqarolar o‘z xohishi bilan pul olib kelgan. Fuqarolar ko‘payganidan keyin qonuniy qilib firma ochishga majbur bo‘lganman. Men birovni aldab, pulini olmaganman. O‘z xohishi bilan bergan. Qaysi odam shunchaki 10 ming dollarini 20 ming dollar qilib oladi, bankka borsa, bank buni hech qachon qilib bermaydi. Bank bir yilda 10 ming dollarni 12 ming qilib beradi. Hech kim ularni majburlamagan, o‘z xohishi bilan olib kelgan. Maqsadi pulini pul qilib olish bo‘lgan.

Men muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovichdan uzr so‘rayman, ham yordam so‘rayman. Prezidentimiz afv etsalar, chorva, parrandachilik qilaman. Xalqqa foydam tegsin, oldin ham foydam tekkan. Kambag‘alni boy qilganman”, - deydi u.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudida sudlanuvchilar Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud o‘z yakuniga yetgani xabar qilingandi.

Sudlanuvchi Ahmadjon Tursunboyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 168-moddasi (firibgarlik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga uzil-kesil 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.