Termiz shahrida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyat bo‘linmasi harbiy xizmatchilari uchun barcha sharoitlarga ega ko‘p qavatli zamonaviy turar joy binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyat hokimi o‘rinbosari R.Choriyev, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyat bo‘linmasi qo‘mondoni, podpolkovnik U. Azimov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatda harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor Vatan tinchligi, yurt obodligi va farovonligini ta’minlashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Bunga harbiy xizmatchilar oilalarining imtiyozli ipoteka kreditlari asosida barcha qulayliklarga ega keng, shinam uy-joy bilan ta’minlanayotgani ham yaqqol dalildir.
Termiz shahrida qad rostlagan o‘ttiz xonadonga ega besh qavatli yangi uyni “Fayz” xususiy korxonasi quruvchilari tez, sifatli barpo etdi. Muborak Ramazon shukuhi esib yurgan kunlarda yangi uy to‘ylarini nishonlash osoyishtalik posbonlari va ularning oila a’zolariga bir olam quvonch bag‘ishladi.
“Ko‘p yillardan buyon shaharda o‘z uyimiz bo‘lishini orzu qilar edik, – deydi shartnoma asosidagi oddiy askar Zafar Chorshanbiyev. – Bugun uch xonali keng, shinam uyga egalik qildik. Bundan turmush o‘rtog‘im Nigina va qizimiz Shukronaning ham quvonchi cheksiz. Xonadonda barcha qulaylik yaratilgan. Oshxona va boshqa qo‘shimcha xonalar zamonaviy usulda jihozlangan. Uyning uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida berilgani bizga juda katta qulaylik yaratadi. Bunday e’tibor xizmat burchimizni oilamizdan ko‘ngil to‘q bo‘lib, yanada sifatli bajarishimizda muhim omil bo‘ladi”.
O‘n olti yildan buyon shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askar Tolibjon Rahmanov turmush o‘rtog‘i Nodiraxon bilan ikki qizni tarbiyalab, kamolga yetkazmoqda.
“Harbiy xizmatchining oilasi bo‘lganimizdan hamisha faxrlanamiz, – deydi Nodira Rahmonova. – Bunday shinam xonadonda farzandlar bilan tinch, xotirjam, to‘kin yashashning o‘zi ham katta baxt. Bu yerda biz uchun barcha sharoit bor. Mehmonxona va yotoqxonalar ham, oshxona va boshqa qo‘shimcha xonalar ham yuksak did bilan barpo etilgan. Bolalar xonasining keng va yorug‘ligidan farzandlarimiz Diloram bilan Durdonaning suyunganini aytmaysizmi? Biz, harbiylar oilalariga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor uchun davlatimizdan behad minnatdormiz”.
Tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga yangi uy-joylarning kalitlari tantanali topshirilib, zamonaviy maishiy texnika vositalari sovg‘a qilindi. Kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Izoh (0)