O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezidentning rasmiy veb-saytida xabar berildi.
Mamlakatda faol investitsiya siyosati olib borilmoqda. Investitsiya muhiti tobora yaxshilanib, ishbilarmon doiralar O‘zbekistondagi loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda. Xalqaro moliya institutlari, rivojlangan davlatlar va yirik kompaniyalar iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga sarmoya kiritmoqda.
Birgina joriy yilning o‘zida Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar rahbarlari bilan oliy darajada muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Ular doirasida sanoat, energetika, infratuzilma, qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim kabi sohalarda muhim kelishuvlarga erishildi. Har bir davlat bilan qo‘shma loyihalar ijrosini ta’minlash uchun Prezident qarorlari asosida “yo‘l xaritalari” tasdiqlandi.
Joriy yil 8-aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar to‘rtta ro‘yxatga ajratilib, birinchi ro‘yxatdagi eng muhim strategik loyihalar Prezidentning doimiy nazoratida bo‘lishi belgilangan edi.
Yig‘ilishda ana shunday ustuvor investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi atroflicha tahlil qilindi.
“Investitsiya iqtisodiyot rivoji, xalqimiz hayot sifati va farovonligini ta’minlaydigan asosiy manbalardan biridir, – dedi davlat rahbari. – Rivojlangan davlatlar bilan munosabatlarimiz yangi bosqichga ko‘tarilganidan kelib chiqib, jadal va tizimli ishlashimiz kerak”.
Bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimiga shu soha bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritildi. Har bir mamlakat bilan ishlash bo‘yicha alohida boshqarmalar tashkil qilindi. Bundan tashqari, mutasaddi rahbarlar boshchiligida maxsus ishchi guruhlar tuzildi.
Yig‘ilishda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish holati juda sustligi, ulkan moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Erishilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalar ijrosini o‘z vaqtida va so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, ish o‘rinlari yaratib, xalqqa foyda keltiradigan, iqtisodiy samarador yangi loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Taraqqiy etgan mamlakatlarda investitsiyalar jalb etish bo‘yicha tajriba Birlashgan Arab Amirliklari misolida ko‘rib chiqildi. Eng zamonaviy yondashuv va ish yuritish uslublarini soha va tarmoqlarimiz faoliyatiga jalb etish, ushbu mamlakatdan mutaxassislar taklif etgan holda yoki onlayn tarzda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish va tajriba o‘rganishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi, bu borada aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda Toshkent shahrida zamonaviy sanoat korxonalari tashkil etishga qaratilgan ishlar ijrosi ham tahlil qilindi. Bu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalangan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, ayniqsa, aholini ish bilan ta’minlash jihatidan muhimligi qayd etilib, ularni tezroq ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Investitsiya loyihalarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari investitsiya sohasiga doir qonunchilik xalqaro normalar darajasida takomillashtirilishi, ular har bir investorga ishonch, kafolat bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Izoh (0)