Joriy yilning 13—18-may kunlari O‘zbekiston xotin-qizlarini innovatsion g‘oyalari, loyiha va ishlanmalarini tadbiq etishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik va ixtirochilik faoliyatiga keng jalb qilish, intelektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilishlariga ko‘maklashish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning faoliyatlariga innovatsion yondashuvni joriy qilish maqsadida INNOWOMENWEEK xotin-qizlarning innovatsiya haftaligi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Haftalik O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi, Intelektual mulk agentligi va O‘zbekiston Ixtirochi ayollari markazi tomonidan Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent shahridagi Inha Universiteti va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bilan hamkorlikda INNOWOMENWEEK xotin-qizlarning innovatsiya haftaligida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan 700 nafardan ortiq xotin-qizlar ishtirok etadi.
Haftalik doirasida 13—14-may kunlari Toshkent davlat agrar universitetida AGROWOMENUZ mavzusidagi forum va ko‘rgazma, 15—16-may kunlari Toshkent shahridagi Inha Universitetida TECHNOWOMENUZ mavzusidagi forum va o‘quv seminarlar va 17—18-may kunlari Toshkent pediatriya tibbiyot institutida MEDICALWOMENUZ mavzusidagi forum, ko‘rgazma va o‘quv seminarlar tashkil etiladi.
Joriy yilning 13-may kuni soat 11:00 da Toshkent davlat agrar universitetida INNOWOMENWEEK haftaligi ishtirokchilarining ishlanmalari, maket va innovatsion mahsulotlari ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, haftalik ishtirokchilari Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi Qishlok xo‘jaligida innovatsion ishlanmalar va maslahat markazida hamda Janubiy Koreyaning Kopia markazida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar bilan tanishdi. Biomarkazdagi biologik himoya qilish jarayonlari ham haftalik ishtirokchilari tomonidan o‘rganildi.
Izoh (0)