O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda Yosh kinoijodkorlar kengashi tomonidan joriy yil 14—25-may kunlari 72-Kann xalqaro kinofestivali doirasida ikkinchi bor “O‘zbekiston milliy paviloni” tashkil qilinadi. Bu haqda “Daryo”ga Yoshlar media markazi ma’lum qildi.

Foto: Yoshlar media markazi

Festival oldidan Kinematografiyani rivojlantirish markazida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda mutasaddilar O‘zbekistonning xalqaro festivalda ishtirokining ahamiyati hamda kelgusida erishilishi kutilayotgan yutuqlar haqida fikr bildirildi.

Foto: Yoshlar media markazi

Shuningdek, Pavilon qatnashchilari “PROlogue V” xalqaro kinofestivalining taqdimotini o‘tkazish va unga xorijlik kinoijodkorlarni taklif etish, chet el kinokompaniyalarini O‘zbekistonda filmlar suratga olish uchun jalb qilishni rejalashtirganini ta’kidladi. Mahalliy kinematografiya vakillari ishtirokida qo‘shma kinoloyihalar yaratish hamda O‘zbekistonda kinoturizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar olib borilishi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Foto: Yoshlar media markazi

—Xalqaro Kann kinofestivali kino bo‘yicha eng nufuzli festivallardan hisoblanib, undagi kinobozorda har bir mamlakat o‘z pavilonini tashkil etib, sohadagi salohiyatini namoyish etadi. Festival O‘zbekistonga kinoturizm salohiyatini namoyish etish va uni film olish uchun qulay va optimal lokatsiya sifatida targ‘ib qilish hamda taniqli kinokompaniyalarni filmlarini suratga olish uchun taklif qilish imkoniyatini yaratadi, – deydi Kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori Oybek Abdushukurov.

Foto: Yoshlar media markazi

O‘zbekiston milliy paviloni Yoshlar ittifoqi, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi hamda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil qilinmoqda.