Osiyo futbol konfederatsiyasining tartib-intizom qo‘mitasi O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterov borasida qaror qabul qildi, deb yozmoqda futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘zining Telegram’dagi kanalida.
“O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni 8 oyga futboldan chetlatildi. Diskvalifikatsiya muddati 2019-yil 13-fevralidan kuchga kirgan deb hisoblanadi. Ya’ni, Nesterov 13-oktabr kuni maydonga tusha olishi mumkin. 13-avgust sanasidan boshlab esa Nesterov mashg‘ulotlarni boshlashi va shartnoma tuzishi mumkin bo‘ladi. Ayblovchi tomon 16 oylik diskvalifikatsiya talab qilganini hisobga olinsa, doping bilan kurash kundan kunga avj olayotgan bir paytda 8 oy juda ham yengil jazo hisoblanadi. Nesterov ishi bu yaqinda tuzilgan O‘zbekiston futbolchilar kasaba uyushmasining dastlabki aksiyasi hisoblanadi. Ushbu tashkilot O‘zbekiston terma jamoasi posbonini himoya qilish uchun mashhur Rossiya yuridik kompaniyasini jalb qilgan edi”, — deb yozadi Alisher Nikimbayev.“Championat.asia” nashri esa bu borada ko‘proq ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston futbolchilar kasaba uyushmasi prezidenti Kamoliddin Murzoyev bilan bog‘langan.
“Ignatiy Nesterov ishi biz uchun yaxshi yakunlandi deya olaman. Sababi OFK darvozabonga 2,5 yil ya’ni 30 oylik diskvalifikatsiya bermoqchi bo‘lgandi. Bu esa Nesterovning faoliyatini yakunlashini anglatardi. Biroq yuristlar bu muddatni 8 oyga tushirishgani bizning kichik g‘alabamiz bo‘ldi”, — deydi Kamoliddin Murzoyev.Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nesterov Osiyo Kubogi vaqtida O‘zbekiston terma jamoasi safida taqiqlangan moddalarni qabul qilgani uchun OFK tomonidan chetlatilgani xabar berilgandi. Ammo jazo muddati qancha va qachongacha amal qilishi noma’lumligicha qolayotgandi.
Ma’lumot uchun, Nesterovning so‘nggi jamoasi Saudiya Arabistonining “Uhud” jamoasi bo‘ldi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)