Mavsum oxirida 10 nafarga yaqin futbolchi “Barselona”ni tark etishi mumkin. Bu haqda AS xabar berdi.

Foto: Google Images

Kataloniyaliklar safiga ijara asosida kelgan Jeyson Murilyo (“Valensiya”) hamda Kevin-Prins Boateng (“Sassuolo”) o‘z jamoasiga qaytarib yuborilishi aniq bo‘ldi.

Tomas Vermalen ham jamoani tark etadigan bo‘ldi. “Barselona” rahbariyati darvozabon Yasper Sillessenni sotish orqali 30 million yevro ishlab olishni ko‘zlamoqda.

Klub yarim himoyachi Filippe Koutinyo uchun xaridor izlamoqda. Futbolchi 100 million yevro evaziga sotib yuborilishi mumkin.

“Ayaks” sardori Matteys de Ligtning jamoaga kelishi ehtimoli sabab “ko‘k-anor ranglilar” himoyachi Samyuel Umtitini ham sotishga tayyor.

Klub, shuningdek, vinger Malkomga yaxshigina taklif tushsa, uni ham sotishga qarshi emas. Kataloniyaliklar braziliyalikdan kamida 35 million yevro ishlab olmoqchi.

Mundo Deportivo’ning xabar berishicha, yarim himoyachi Ivan Rakitich yozda Milanning “Inter” klubiga o‘tishi mumkin.

Braziliyalik yarim himoyachi Rafinya Alkantaraning klubdagi kelajagi so‘roq ostida qolmoqda. “Arsenal” ispaniyalik Denis Suaresni sotib olishi aniq emas, biroq kataloniyaliklar uni o‘z safida olib qolishi mumkin.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!