2—6-may kunlari Boku shahrida Ozarbayjonning birinchi prezidenti Haydar Aliyev xotirasiga bag‘ishlab yakkakurashning “K-1” va MMA yo‘nalishlari bo‘yicha xalkaro turnir bo‘lib o‘tdi, bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lumot berdi.
Unda Turkiya, Pokiston, Eron, Ozarbayjon, Gruziya, Iroq va O‘zbekistondan borgan 200 dan ortiq sportchilar ishtirok etib, o‘z mamlakati sharafini himoya qildi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining 5 nafar harbiy xizmatchisi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, 2 ta oltin va 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ta’kidlash joizki, mamlakat terma jamoasi mazkur nufuzli musobaqada jami 9 ta: 3 ta oltin hamda ikkitadan kumush va bronza medallari bilan taqdirlandi.
“K-1” yo‘nalishida Akademiyaning 3-bosqich kursanti Ilhomjon Xudoyberdiyev 80 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, kursant Sirojiddin Oqqulov 85 kg vazn toifasida 2-o‘rinni egalladi.
MMA yo‘nalishida esa Qurolli Kuchlar akademiyasi sport yo‘riqchisi, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi oddiy askar Ataulla Ahunbabayev 90 kg vazn toifasida g‘alaba qozonib, oltin medalga ega chiqdi.
Akademiyaning yana bir sport yo‘riqchisi, kichik serjant Nodir Jaynarov 65 kg vazn toifasida kumush medal sohibiga aylandi.
Izoh (0)