Joriy yilning 18-martida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga nogironligi bo‘lgan farzandlarning onalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy ahamiyatli tovarlarni (xizmatlarni) erkin narxlarda sotilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni hamda “Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida” qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqida Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib O‘zA xabar qiladi.
Qaror bilan bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalarga ular umumiy pensiya yoshi, ya’ni 55 yoshga yetganlarida va zarur ish stajiga ega bo‘lmasa ham, nafaqa tayinlash huquqi taqdim etildi.
Bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor onalar yoshga doir nafaqa tayinlash uchun Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlariga tegishli hujjatlarni taqdim etishi lozim.
Shu o‘rinda ushbu nafaqa miqdori pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarning nafaqasi miqdorida belgilanganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-oktabrdagi “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida” gi farmoniga asosan 2018-yil 1-noyabrdan nafaqa miqdori 243 ming 300 so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, ushbu toifadagi fuqarolarga Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq yoshga doir nafaqa oluvchiga un va qolipli non xarid qilish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik kompensatsiya to‘lovi ham amalga oshiriladi.
Qaror qabul qilingandan boshlab hozirgi kunga qadar budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 1 ming 628 nafar bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandlarning onalariga nafaqa o‘z muddatlarida tayinlandi va aprel oyida ularning 576 nafariga nafaqa ilk marotaba to‘lab berildi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu nafaqa turi ayol kishi faqatgina 55 yoshga to‘lganda hamda murojaat kunida bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor bo‘lgan taqdirdagina tayinlanadi.
Izoh (0)