Buxoroda umumiy qiymati 125 milliard 304 million so‘m bo‘lgan, shundan 7 million 406 ming dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar ishtirokidagi loyihalar taqdim etildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev xabar berdi.
Bildirilishicha, o‘tkazilgan mazkur taqdimotda viloyatning shahar va tumanlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 18 ta istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqilgan. Loyihalarda asosan, xizmat ko‘rsatish obyektlarini barpo etish, qishloq xo‘jaligida yangicha innovatsiya va texnologiyalarni jalb etish orqali yerlardan unumli foydalanish, chorvachilik va parrandachilik klasterlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
“Buxoroda sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni yanada ko‘paytirish va uni qayta ishlashni kengaytirish, mahsulotlarning eksportini oshirish birinchi galdagi vazifa. Ayniqsa, bu ushbu mahsulotlar bilan aholini uzluksiz ta’minlash, pirovard natijada xalqning turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Taqdim etilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirilishi natijasida 451 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu shuncha oila muhim daromadga ega bo‘ladi, deganidir. Hududlarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, taqdim etilgan har bir yirik istiqbolli loyihalar orqali tashabbuskor tadbirkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi”, — dedi viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev loyihalar bilan tanishar ekan.
Taqdimotda taklif etilgan loyihalardan biri Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilayotgan “Sultan Texno Groups” MChJga qarashli shisha mahsulotini qayta ishlash korxonasidir. Umumiy qiymati 9 millard 240 million so‘m bo‘lgan mazkur loyihaning asosiy qismi tashabbuskorning o‘z mablag‘lari, shuningdek, “Hamkorbank” tomonidan ajratilishi ko‘zda tutilgan 504 millionlik imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi. Loyiha to‘la quvvat bilan ishlaydigan bo‘lsa, 40 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Izoh (0)