Ispaniya terma jamoasi hamda “Barselona” klubi sobiq yarim himoyachisi Xavi joriy mavsum oxirida futbolchilik faoliyatini yakunlashini e’lon qildi. Bu haqda AS xabar berdi.
“39 yoshga to‘lgunimga qadar maydonda to‘p surishni o‘zim uchun sharaf deb bilardim, endi esa joriy mavsum yakunida futbolchilik faoliyatimni tugatishni xohlayman. Bu mening futbolchi sifatidagi so‘nggi mavsumim bo‘ladi, lekin murabbiy sifatida meni nimalar kutayotganini sabrsizlik bilan kutmoqdaman. Menga jamoa maydonda tashabbuskor o‘yin ko‘rsatishi hamda hujumkor uslubda harakat qilishi ko‘proq yoqadi”, — dedi Xavi.Eslatib o‘tamiz, Xavi faoliyatining asosiy qismini “Barselona” o‘tkazdi va jamoa tarkibida 767 ta uchrashuvda maydonga tushdi. U 2015-yildan buyon Qatarning “As-Sadd” klubida to‘p surib keladi.
Yarim himoyachi 2000-yildan 2014-yilga qadar Ispaniya terma jamoasi tarkibida umumiy hisobda 133 ta o‘yinda maydonga tushdi va u terma jamoa bilan birgalikda 2010-yilda jahon chempioni, 2008 va 2012-yillarda esa Yevropa chempioniga aylandi.
Xavi “Barselona” safida 8 marta Ispaniya chempioni bo‘ldi, 3 marotaba mamlakat kubogi va 6 marta Superkubok g‘olibi bo‘ldi. Bundan tashqari u 4 karra Yevropa Chempionlar Ligasi sovrindori hisoblanadi. Shuningdek, 2 marta UEFA Superkubogiga ega chiqdi va klublar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Xavi “As-Sadd” tarkibida Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichining 3-turida Toshkentning “Paxtakor” klubi darvozasiga 2 to‘p kiritgandi (2:2), 4-turida esa “sherlar” bilan kechgan navbatdagi o‘yinda hisobni ochgandi (2:1).
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)