Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Vasiliy Juchkov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Dastlab 96 yoshli urush faxriysining uyiga tashrif buyurildi.Urush faxriysining talabiga binoan hamda harbiy xizmatchilarning real amaliy mashg‘ulotlarini ko‘rish istagi inobatga olinib, uchrashuv “Chirchiq” poligonida davom etdi. Vasiliy Juchkov u yerda harbiy xizmatchilar tomonidan bajarilayotgan jangovar mashg‘ulotlarni yuqori baholadi. Uchrashuvning yana bir qismi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida davom etdi.
Tadbir avvalida bugungi tinch va osuda kunlarning qadriga yetishga undovchi lavhalar urush davrining suronli va dahshatli kunlarini tasvirlovchi videorolik namoyish etildi. Uchrashuv davomida so‘zga chiqqan Vasiliy Juchkov Ikkinchi jahon urushining o‘zbek xalqi boshiga keltirgan kulfatlari, O‘zbekiston istiqlolga erishgach urush va mehnat faxriylarini qadrlash borasida hukumat tomonidan olib borilayotgan ishlar haqida yig‘ilganlarga gapirib berdi.
Vasiliy Juchkov 1923-yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. 19 yoshida fronga yo‘l olgan Vasiliy bobo Birinchi Belorus frontida marshal Konstantin Rokossovskiy qo‘mondonligi ostida jang qilgan. 37-motoo‘qchi diviziya bilan Minsk, Mogilev, Brestni ozod etishda qatnashgan. Vasiliy Juchkovning 9-rotasi Berlinni qo‘lga kiritishda ishtirok etgan. Urush yakunlangach, Juchkov Farg‘onaga qaytgan va 2001-yildan buyon Chirchiqda istiqomat qiladi. O‘zbekiston Qahramoni ordeni bilan taqdirlangan.
Izoh (0)