9-may – “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Nukus shahrida ham qad ko‘targan “Yurt bayrog‘i” maydoni oldida “Sharaf lentasi” aksiyasi o‘tkazildi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Keng qamrovli aholi va yoshlardan iborat Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Kengashining bir guruh targ‘ibotchilari va Milliy gvardiya harbiy ximatchilari harbiy orkestrning musiqa sadolari jo‘rligida I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi oldidagi favvora atrofidagi aholiga xush kayfiyat ulashdi.
Ayniqsa, saylga chiqqan baxt ostonasiga qadam ko‘yayotgan yosh kelin-kuyovlar Vatan bayrog‘i aks etgan lentalarni faxr bilan ko‘ksiga taqib, harbiy orkestr musiqalariga yayrab, raqsga tushdi. Guruhga qo‘shilgan ko‘plab ko‘ngillilar bilan esa muzey oldidan yo‘lak bo‘ylab Nukus dehqon bozori tomon yo‘l olinib, u yerdagi aholiga ham “Sharaf” lentalari taqib qo‘yildi.
“Poytaxtimizda barchani hayratga solib, ko‘tarinki kayfiyat ulashayotgan bu “Sharaf lentasi” mening ham ko‘ksimda. Bu aksiya shahrimiz bo‘ylab barchaga bayramona kayfiyat ulashibgina qo‘ymasdan, aholiga Ona vatanga sevinch his-tuyg‘usini va bu tinch, osuda hayotimizga shukronalikni bag‘ishlamoqda”, — deydi onaxon Gulxan Aitbayeva.
Mazkur aksiya O‘zbekiston bo‘ylab davom etmoqda.
Izoh (0)