“O‘zbekkino” milliy agentligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy bankining moliyaviy ko‘magida O‘zbekistonga dastlabki innovatsion ko‘chma kinomobil olib kelindi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar bermoqda.
Davlat rahbarining Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda ham dastlabki hisoblangan mazkur kinomobilning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mobil kinoteatr dunyodagi yetakchi korxonalarning zamonaviy texnik vositalari bilan ta’minlangan bo‘lib, undan foydalanish uchun 30 daqiqa talab etiladi. Bu vaqt mobaynida tirkama eniga 6 metrga kattalashadi va 80 o‘rinli mobil kinoteatr aholiga xizmat ko‘rsatadi. Kinomobil respublikaning eng olis shahar va qishloqlarida milliy hamda chet el badiiy, tarixiy va hujjatli filmlarini namoyish etish orqali aholi ayniqsa, yoshlar ma’naviyati va ularda vatanparvarlik hissini yuksaltirish, adabiyot, teatr va kino san’atiga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltiriladi.
Ayni paytda O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 7-avgustda imzolangan “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi “2018—2019-yillarda zamonaviy kinoteatrlar tarmog‘ini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Milliy banki “O‘zbekkino” Milliy agentligi bilan birgalikda respublikaning barcha shahar va tumanlarida jami 5 550 o‘rinli umumiy qiymati 50 ta (15 ta 1 qavatli, 24 ta 2 qavatli va 11 ta yozgi ochiq) zamonaviy kinoteatrlar barpo etish bo‘yicha tizimli ishlar boshlab yuborildi. Mazkur jarayon joriy yilning oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)