Farg‘ona viloyati Furqat tumani G‘uncha MFY Chek-chuvaldoq qishlog‘ida yashovchi fuqaro I. Nishonov bir necha yillardan buyon tabiiy gaz va elektr energiyasidan uddaburonlik bilan tekin foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda MIB matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Xususan, fuqaro Nishonov yashash uyida yog‘och o‘yish va unga qayta ishlov berish hamda chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelib, buning uchun eng yuqori elektr quvvati talab etadigan uskunalarni o‘rnatgan. Bir qaraganda hammasi risolagidek, elektr va tabiiy gaz hisoblagichlar o‘z joyida, ular bo‘yicha barcha to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirib kelinmoqda.
Biroq navbatdagi ko‘riklardan birida yuqori quvvatli jihozlarning tinimsiz ishlayotganligi va chorva hayvonlariga ozuqa tayyorlash uchun mo‘ljallangan sisternada tabiiy gaz yonib turganligi MIB xodimlarining e’tiborini tortdi. Gaz va elektrni hisobga olish priborlari orqali iste’mol qilinayotgan energiya resurslari haqiqiy iste’molga nisbatan keskin kamligi xodimlarda shubha uyg‘otdi.
Mazkur xonadonda o‘tkazilgan tadbir jarayonida fuqaro Nishonov qariyb 3 yillarcha oldin chorbog‘ tarafdan qo‘shni hovliga o‘tgan simyog‘ochdan alohida elektr kabeli tortib, uni o‘z tomorqasi orqali 30 santimetr yer ostidan uygacha torib kelganligi va uy poydevori ostidan ham o‘tkazilib, yashash uyi pol ostiga alohida yashirin nuqta qilib olganligi aniqlangan. Mazkur nuqta orqali qonunbuzar Nishonov qo‘shimcha kabel orqali istagan yuqori quvvatli uskunalardan beminnat foydalanib kelgan.
Shuningdek, ikkita uy devorlari orasidan o‘tgan tabiiy gaz tarmog‘iga oq polietilen truba ulab, uni uyning tom qismi orqali zarur joylarga tortib kelgan va polietilen trubani hech kim ko‘rmasligi uchun uning ustiga loy suvoq qilib urib tashlagan.
Ammo Nishonovning barcha kirdikorlari fosh bo‘ldi. U qilgan ishiga afsus va nadomat bildirsa-da, lekin davlat manfaatlariga yetkazilgan jami 35 million 70,6 ming so‘mlik zararni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 1852-moddasi 6-qismida nazarda tutilgan o‘ttiz kunlik muddatda qoplamaganligi sababli unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qonunbuzar endilikda qilgan ishlari uchun tergov organi oldida javob bermoqda.
Izoh (0)