2—4-may kunlari Mo‘ynoq tumanida avtomobil rallisi bo‘yicha ochiq bellashuv o‘tkaziladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda Qoraqalpog‘iston va O‘zbekistonning turli hududlaridan sportchilar ishtirok etadi. Musobaqani o‘tkazishdan asosiy maqsad Mo‘ynoq tumani turizmini rivojlantirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishdan iborat. Uzunligi 364 kilometrni tashkil etuvchi yo‘l Orol dengizining qurigan tubi, Sudoche ko‘li bo‘yidan, Ustyurt platosi va hozirgi Orol dengizi qirg‘oqlari bo‘ylab o‘tadigan masofani qamrab oladi.
Poygalar vaqtida tadbir ishtirokchilari mamlakatning Sudochi ko‘li, Ustyurt kanyonlari, ko‘chmanchi qabilalarning tarixiy maskanlari, dengiz sohilidagi XII-XIII asrlarning karvonsaroylari, Orol dengizi va kemalar qabristoni kabi manzarali yerlaridan bahra olishlari mumkin.
Ayni damda Mo‘ynoq tumanida mazkur bellashuvni o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari ketmoqda.
Izoh (0)