23-aprel, seshanba kuni Toshkent viloyati Chorbog‘ suv omborida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, mamlakat velosiped sporti federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov, Osiyo velosport konfederatsiyasi (ASS) prezidenti Osama Ahmad Al-Shafar, xorijlik mehmonlar, sport jamoatchiligi hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini yuksaltirish, ular o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, aholi o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan velosportni yanada ommalashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlar qilinayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, ushbu musobaqa o‘smirlar, kattalar va paralimpiyachilar o‘rtasida tashkil etilib, unda Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Vyetnam, Gonkong, Malayziya, Filippin, Tailand, Mo‘g‘uliston, BAA, Iordaniya, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaman va Livan kabi 40 ga yaqin mamlakatning 500 dan ortiq velopoygachisi ishtirok etmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur musobaqa Toshkent shahrining markaziy ko‘chalari hamda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Toshkent—Chimyon—Sijjak yo‘nalishi bo‘ylab o‘tkazilmoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)