Nur Otan partiyasi raisi Nursulton Nazarboyev Qosim-Jo‘mart To‘qayevni Qozog‘iston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatishni taklif qildi, deya xabar berdi Tengrinews.
“Nur Otan partiyasining raisi sifatida, men ko‘rib chiqish uchun qurultoy kun tartibiga Qosim-Jo‘mart To‘qayev nomzodini Qozog‘iston prezidenti lavozimiga ko‘rsatish masalasini kiritaman. U bilan ko‘p yillar davomida birgalikda ishlagan inson sifatida uni mamlakatda ushbu lavozimga eng munosib nomzod deb hisoblayman. To‘qayev mustaqillikning ilk yillaridanoq turli joylarda men bilan birga ishlagan. U Qozog‘iston tashqi siyosatini men bilan birga qurgan. Uning diplomatik maqomi chet elda juda qadrlanadi. U BMT bosh kotibining o‘rinbosari bo‘lib, juda tajribali davlat siyosatchisi bo‘lganini bilasiz”, — dedi Nazarboyev partiyaning navbatdan tashqari XIX qurultoyida.
Nazarboyevning ta’kidlashicha, To‘qayev Qozog‘iston uchun eng qiyin davrda hukumatni boshqargan.
“1998-yili Osiyodagi inqirozi davrida u iqtisodiyotimizni qayta tiklashda ishtirok etgan. 1990-yillar oxiri va 2000-yillarning boshida u bir qancha muhim islohotlarni amalga oshirgan va shundan so‘ng bizda iqtisodiyotimizni rivojlantirish uchun yo‘l ochildi. O‘sha yillarda u mening Milliy jamg‘arma tashkil etish to‘g‘risidagi g‘oyamni qo‘llab-quvvatlagan. Taraqqiyot institutlari, uy-joy—jamg‘arma banki ishga tushgan, ijtimoiy modernizatsiya yo‘lida ilk qadamlar qo‘yilgan. Yangi pensiya tizimi shakllantirilgan. Senat raisi sifatida u parlamentarizm rivoji uchun ham ulkan hissa qo‘shgan. O‘tgan yillar davomida u mening sodiq safdoshim bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qildi Qozog‘istonning birinchi prezidenti.
Qurultoy qaroriga ko‘ra, Qosim-Jo‘mart To‘qayev bir ovozdan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatildi.
“Biz bir qarorga kelib, Nur Otan partiyasidan yagona nomzodni aniqladik. Bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat. Biz birlashib, ushbu sinovlardan o‘tib olishimiz zarur. Asrimiz shiddatli. Ilm-fan va texnologiya rivojlanib bormoqda. Ushbu asrda orqada qolmasligimiz lozim. Buning uchun esa bizga birdamlik zarur. Biz mustaqilligimizni mustahkam ushlashimiz kerak”, — dedi Nursulton Nazarboyev.
Ma’lumot uchun, Nursulton Nazarboyev 20-mart kuni prezidentlik vakolatlarini topshirganidan so‘ng, mamlakatga Senatning sobiq raisi — Qosim-Jo‘mart To‘qayev rahbarlik qilmoqda.
Dastlab To‘qayev Nazarboyevning prezidentlik muddati yakuniga yetguniga qadar — 2020-apreligacha prezidentlik qilishi ta’kidlangan edi. Ammo To‘qayev aprel oyi boshida mamlakatda 9-iyun kuni navbatdan tashqari prezident saylovlari o‘tkazilishini e’lon qildi.
Izoh (0)