Jizzax viloyatidagi barcha tumanlarning Xalq qabulxonalari Cobalt rusumli avtomobillari bilan ta’minlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qabulxona mudirlariga mashinalar kalitlarini topshirish marosimida hokimlik, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonasi odamlarning talab va muammolarini hal etishda davlat va aholi o‘rtasidagi muloqot ko‘prigi sifatida o‘ziga xos tizimga aylangani ta’kidlandi.
Davlatimiz tomonidan qabulxonalarning faoliyatini yaxshilash uchun barcha qulayliklar yaratib berilmoqda. Bu idoraning xizmat mashinalari bilan ta’minlanlishi fuqarolar murojaatlarini joyiga borib o‘rganishda katta qulaylik yaratadi.
“Keyingi paytda faoliyatimizda joylardagi to‘rtta sektor rahbarlari va fuqarolar yig‘inlari oqsoqollari bilan uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganish, ularning yechimini topishda ko‘maklashishga katta e’tibor qaratilyapti, — deydi Sharof Rashidov tumani Xalq qabulxonasi mudiri Narzulla Qodirov. — Shuningdek, bu ishda murojaatlar ijrosini joyiga chiqib nazorat qilish ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois xizmat mashinalari bilan ajratilishi bu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda katta qulaylik yaratadi”.
Marosimda 13 ta tuman Xalq qabulxonasining barchasiga yangi avtomashinalar topshirildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi E. Soliyev ishtirok etdi.
Izoh (0)