Ayni vaqtda, O‘zbekistonda Indoneziyaning “Trans 7” telekanali vakillari mehmon bo‘lib turibdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Trans 7” Indoneziyadagi eng yirik mediaxoldinglardan biri bo‘lib, uning tarkibida bir qancha veb-sayt, gazeta va telekanallar mavjud.
Birgina Youtube kanalida besh million a’zoga ega telekanal vakillari O‘zbekistonning ziyorat turizmi va sayyohlik borasidagi imkoniyatlari haqida Hijab Traveling ommaviy shou-dasturi uchun turkum ko‘rsatuvlar tayyorlamoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, ular bu dasturda O‘zbekistonning viloyatlaridagi mavjud masjid, madrasa va restoranlar haqida so‘z yuritadi. Bu esa har biri 30 daqiqa davom etadigan besh qismli hujjatli filmda jamlanadi.
Uning dastlabki ikki qismini ramazon kunlari boshlangunga qadar tomoshabinlar e’tiboriga havola etish mo‘ljallanmoqda. Tasvirga olish ishlarining so‘nggi kunlari Toshkent viloyatida olib borilmoqda. 20-aprel kuni tasvirchilar Parkent tumanidagi “Hazrat Ali” ziyoratgohida bo‘ldi.
“Rivoyatlarga ko‘ra, hazrat Ali bizning yurtlarimizga islom dinini tarqatish uchun kelgan va ibodat oldidan tahorat olmoqchi bo‘lganlarida suv topilmagan ekan, – deydi ziyoratgoh ish boshqaruvchisi Hasan G‘iyosov. – Shunda Allohdan buloq paydo qilishini so‘raganlar. So‘ngra besh barmoqlarini yerga urganlarida beshta buloq chiqqan. Ular hozir ham mavjud. Ikkitasi bir joyda, qolgani boshqa joyda jamlangan. Shunda hassasini yoniga qo‘yib, namoz o‘qigan. Keyin jangga jo‘nab ketgan. Jangda g‘olib bo‘lib, olti oydan keyin shu yerdan qaytayotib, hassasi ko‘karib turganiga guvoh bo‘ldi. Shunda ‘Bizning niyatimiz amalga oshdi, bu yerga kelgan har bir insonni orzusi amalga oshsin’, deya duo qilgan ekanlar. Yana bir afsonaga ko‘ra, avliyo buloq deb ataladigan ushbu buloqdan Hazrat Ali o‘zining Duldul laqabli otlarini sug‘organlar.”
2010-yilda chinor yonida masjid qurilgan. 2014-yilda qayta ta’mirlanib, atrofida namozxona, tahoratxona, ziyoratchilar uchun ovqatlanish shoxobchasi qurilgan.
Tog‘li hududda joylashgan bu ziyoratgoh, dengiz sathidan 1500 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, o‘zining ko‘rkam tabiati bilan ziyorat va ekoturizm talablariga mos keladi. Undagi yana bir qiziq, kelib ko‘rishga arziydigan yodgorlik, bu – marmartoshdan yasalgan Qur’oni karimning ulkan tasviri hisoblanadi.
Hijab Traveling ommaviy shou-dasturi ijodkorlari Bo‘stonliq tumanidagi bir qator ziyoratgoh va qadimiy obidalarni suratga olishni rejalashtirgan.
Izoh (0)