20-aprel, shanba kuni futbol bo‘yicha Angliya Premyer Ligasining 35-tur bahslariga start beriladi.
Turning markaziy uchrashuvi “Ittihod” stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda Xosep Gvardiola boshliq “Manchester Siti” klubi Maurisio Pochettino boshqaruvidagi Londonning “Tottenhem” jamoasi bilan jang qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da boshlanadi.
Ma’lumot uchun, “mankunianlar” 83 ochko to‘plab musobaqa jadvalida 2-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “shporlar” 67 ochko bilan 3-pog‘onani band qilib turibdi. Qayd etish joiz, bir necha kun oldin “Siti” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, “Tottenhem”ga mag‘lub bo‘lib, Chempionlar Ligasidan chiqib ketgandi.
21-aprel, yakshanba kuni avvalgi turda “Vest Hem”ni mag‘lubiyatga uchratgan (2:1) “Manchester Yunayted” safarda “Everton” bilan jang qiladi. Uchrashuv soat 17:30 da start oladi.
Shu kuni Londonning “Arsenal” jamoasi o‘z maydonida “Kristal Pelas” bilan o‘ynaydi. Eslatib o‘tamiz, “kanonirlar” 34-turda “Uotford”ni Pyer-Emerik Obameyangning urgan yagona goli evaziga yutgandi (1:0) va musobaqa jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib olgandi.
Kunning so‘nggi o‘yinida Yurgen Klopp qo‘l ostidagi “Liverpul” klubi “Kardiff Siti”ni sinovdan o‘tkazadi. Bahsga soat 20:00 da start beriladi. Ta’kidlash joiz, Mersisayd klubi Yevropa Chempionlar Ligasi 1/4 finali javob o‘yinida Portugaliyaning “Portu” jamoasini yirik 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
Turga “Chelsi”—“Byornli” uchrashuvi yakun yasaydi. To‘qnashuv soat 00:00 da boshlanishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, “aristokratlar” Yevropa Ligasining chorak finalida Chexiyaning “Slaviya Praga” klubini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 5:3 hisobida taslim qilib, yarim finalga chiqqandi.
APL
35-tur bahslari
20-aprel, shanba
“Manchester Siti”—“Tottenhem” 16:30
“Vulverhempton”—“Brayton” 19:00
“Vest Hem”—“Lester” 19:00
“Haddersfild”—“Uotford” 19:00
“Bornmut”—“Fulhem” 19:00
“Nyukasl”—“Sauthempton” 21:30
21-aprel, yakshanba“Everton”—“Manchester Yunayted” 17:30
“Arsenal”—“Kristal Pelas” 20:00
“Kardiff Siti”—“Liverpul” 20:00
22-aprel, dushanba“Chelsi”—“Byornli” 00:00
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)