18-aprel kuni Hukumat qarori bilan shaharchalar, qishloqlar va ovullar, shuningdek, MFY raislari tomonidan ishonchnomalarni tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Yangi nizomga ko‘ra fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari quyidagilarni olish uchun ishonchnomani tasdiqlashi mumkin:
— xat-xabarlarni, shu jumladan, pul va posilkalarni;
— ish haqini hamda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlarni;
— mualliflar va ixtirochilarga to‘lanadigan haqlarni;
— pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarni;
— bank muassasalaridan summalarni.Ishonchnomalar davlat tilida rasmiylashtiriladi. Ishonchnoma rus tilida yoki boshqa maqbul tilda berilishi mumkin.
Ishonchnomalar fuqarolar yig‘ini binosida tasdiqlanadi. Fuqaro kasalligi, nogironligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra fuqarolar yig‘iniga bora olmasa ishonchnomalar jismoniy shaxs joylashgan joyda to‘ldirilishi mumkin.
Quyidagi hollarda ishonchnoma tasdiqlash rad etiladi:
— bunday ishonchnomani tasdiqlash qonunga zid bo‘lsa;
— bu harakat notarius tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lsa;
— muomalaga layoqatsiz fuqaro yohud zarur vakolatlari bo‘lmagan vakil ishonchnomani tasdiqlashni so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa;
— muomalaga layoqatsiz fuqaro yohud zarur vakolatlari bo‘lmagan vakil ishonchnomani tasdiqlash uchun taqdim etgan hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmasa.Ishonchnomalar ko‘pi bilan 3 yilgacha beriladi. Amal qilish muddati ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ishonchnoma 1 yil amal qiladi.
Izoh (0)