O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida yana bir zamonaviy o‘quv bino foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Daryo”ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Binoni topshirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov ham ishtirok etib, mazkur o‘quv binosida kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ta’kidlash kerakki, bu yerda mavjud moddiy o‘quv baza kursantlarning nazariy bilimlarini dala o‘quv maydonlariga chiqmasdan turib amalda mustahkamlash imkonini beradi. Jangovar texnikalarning nazorat o‘lchov asboblarini tekshirish, ularni boshqarish, nishonlarni mo‘ljalga olish bo‘yicha ilk ko‘nikmalarni oshirishda ushbu kompleks trenajyorlarning o‘rni beqiyos.
Mudofaa vaziri Akademiyada joriy yildan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan ilmiy vzvod harbiy xizmatchilari olib borayotgan yangi loyihalar bilan ham yaqindan tanishdi. Xususan, podpolkovnik Bekzod Suloymonovning loyihasi barchani e’tiborini tortdi. Ushbu qurilma uchuvchisiz uchish apparatlari va dronlarga qarshi qo‘llaniladi. Ya’ni, qurilma qo‘llanilgan zahoti havoda harakatlanayotgan dron yoki uchuvchisiz uchish apparatlari ishdan chiqadi. Hozirgi paytda mazkur loyihani yanada takomillashtirish buyicha ish olib borilmoqda.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Akademiya professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati va uslubiy ko‘nikmalarini yanada takomillashtirish, keng dunyoqarshga ega bo‘lgan ofitserlarni tayyorlash, ularning liderlik qobliyatini oshirish kabi masalalarga bag‘ishlangan anjuman ham o‘tkazildi. Mudofaa vaziri tomonidan kelgusida amalga oshirish lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi.
Izoh (0)