15-aprel kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida jamoat tartibini saqlashda faol ishtirok etgan bir guruh harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organi xodimlari rag‘batlantirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Yig‘ilganlarning bir guruhini Mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov taqdirladi. Ularga O‘zbekiston Mudofaa vaziri nomidan “Minnatdorchilik” e’lon qilinib, faxriy yorliq, qo‘l soati va pul mukofotlari topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti 2018-yil 24-dekabrda “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4075-son qarorni imzolagan edi. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash hamda Mirzo Ulug‘bek tumani aholisi o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, shuningdek, aholi bilan ma’naviy-axloqiy va vatanparvarlik ruhidagi tadbirlarni tashkil etish maqsadida tumanga Mudofaa vazirligi ofitserlari biriktirilgan edi.
Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi hovlisida saf tortgan bir guruh harbiy xizmatchilar va ichki ishlar organi xodimlarining sadoqatli mehnati bundan keyin ham munosib rag‘batlantirilishi ta’kidlandi.
Izoh (0)