Farg‘onada bir fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atish, qamatish bilan tahdid qilib, 500 dollar pora olgan 2 nafar ichki ishlar xodimi ushlandi, deya xabar beradi O‘zA.
Oltiariq tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi surishtiruvchisi Dostonbek Mavlonov hamda profilaktika inspektori Valijon Abdurashidovlar tamagirlik jinoyatiga qo‘l urdi.
U o‘z ish yurituvidagi fuqaro E. Mamatovning Nexia-2 rusumli avtomashinasini o‘g‘irlanganligi holati yuzasidan S.Abdurahimovga nisbatan to‘plangan material bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish va ma’muriy tartibda hal qilish evaziga 500 dollar pora berishni talab qilgan. Aks holda unga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va qamash bilan tahdid qilgan. Albatta bu ishni profilaktika inspektori V. Abdurashidov yordamida amalga oshirishni reja qildi. S. Abdurahimov esa bu ikki nafar davlat organi mansabdor shaxslarining qilmishlari yuzasidan ariza bilan murojaat qildi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Farg‘ona viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘z xavfsizligi boshqarmasining viloyat bo‘yicha bo‘limi xodimlaridan iborat tezkor tergov guruhi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda dastlab V.Abdurashidov o‘zining Matiz rusumli avtomashinasida kimyoviy ishlov berilgan 500 dollarni S.Abdurahimovdan pora tariqasida olgan. Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, D. Mavlonov o‘z xizmat xonasida 500 dollarni pora tariqasida olganda, u ham ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi D. Mavlonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan aybdor deb topilib 6 yil, V. Abdurashidov esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Izoh (0)