Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda viloyatning Karmana tumani Yo‘l-patrul xizmati maskanida tezkor tadbir o‘tkazdi, bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Tadbir davomida rangli metallarning noqonuniy oldi-sotdisi bilan bog‘liq bo‘lgan navbatdagi holatga chek qo‘yildi. Ya’ni, “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan fuqaro S.K boshqaruvidagi Isuzu rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda hech qanday hujjatlarsiz, umumiy qiymati 4,5 million so‘mlik, jami 2915 kilogramm “qo‘rg‘oshin” (avval foydalanishda bo‘lgan akkumulatorlar) rangli metall parchalarini borligi aniqlandi.

Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Rangli va qora metallar parchalari, chiqindilari bilan ishlash tartibini takomillashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 6-iyundagi 425-son qarori bilan jismoniy shaxslar tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha rangli metallar parchalari va chiqindilarini “O‘zikkilamchiranglimetall” aksionerlik jamiyati va uning tarkibiy tuzilmalarining maxsus qabul punktlariga topshirishlari mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.