13-aprel, shanba kuni futbol bo‘yicha Angliya premyer ligasi 34-turidan o‘rin olgan uchrashuvda “Manchester Yunayted” “Vest Hem”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: Twitter/@ManUtd

Bellashuvning 19 va 80-daqiqalarida “mankunianlar” yarim himoyachisi Pol Pogba londonliklar darvozasiga penaltidan 2 ta gol urdi.

“Qizil iblislar” joriy mavsum Premyer ligada 12 ta 11 metrlik jarima zarbasi ishlab oldi. Bu klub rekordi hisoblanadi, deb xabar berdi Gracenote Live.

Shu bilan birga bu chempionatdagi qolgan jamoalarga nisbatan eng yaxshi natija bo‘lib turibdi (“Kristal Pelas” 11 ta penalti tepgan).

Pogba ushbu mavsum Angliya chempionatida 7 ta penaltini amalga oshirdi. Avvalroq 2002/03-yil mavsumda niderlandiyalik Rud van Nistelroy “Yunayted” safida 8 ta penalti tepgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!