IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Borovskiy kolleji o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning o‘limi ishi bo‘yicha 2017-yil kuzida sudlangan uning kollejdoshi — Islombek To‘laganov muddatidan avval ozodlikka chiqarilgani yuzasidan rasmiy axborot berdi.

Foto: Repost

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston JKga ko‘ra, barcha mahkumlar jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini qonunda belgilangan tartibda amalga oshiradi. Shuningdek, mehnatga nisbatan ko‘ngilli munosabatda bo‘lgan mahkumlarga nisbatan insonparvarlik harakatlari qo‘llanilib,  jazoni yengilroq shakliga almashtirilishi hamda shartli ravishda muddatidan avval ozod etilishi mumkin.

Sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan davrda Islombek To‘laganov jazoni o‘tash muddati davomida koloniyada tuzilgan rejimni buzmaganligi va mehnatga nisbatan ko‘ngilli munosabatda bo‘lgani e’tiborga olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahri sudi tomonidan 2018-yilning 20-dekabr kuni Islombek To‘laganovning jazoning o‘tamagan qismi 4 yil-u 5 oy 15 kun davomida axloq tuzatish ishlari va ish haqining davlat hisobiga 20 foizi ushlanib qolishga almashtirilgan.

Qayd etilishicha, ayni paytda Islombek To‘laganov jazoni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani Probatsiya xizmati nazorati ostida o‘tamoqda.