Boks bo‘yicha yozgi olimpiada o‘yinlari chempioni Hasanboy Do‘stmatov 2020-yilda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlaridan keyin professional boksga o‘tishi haqida “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Google Images

2016-yilgi Olimpiada chempioni Do‘stmatovning aytishicha, professional boksga o‘tishi uchun ko‘p takliflar tushmoqda. Lekin u oldinda yozgi olimpiada o‘yinlari borligi uchun hozircha professional boksga o‘tish niyatida emas.

Ilgari -49 kilogramm vaznda jang qilgan bokschi -52 kilogrmm vazn toifasiga o‘tganini AIBA tomonidan vazn toifalariga kiritilgan o‘zgartirish hamda so‘nggi paytlarda 7-8 kilogramm vazn tashlash qiyin kechayotgani va bu unga final bahslarida qiyinchilik tug‘dirayotgani bilan izohladi.

Eslatib o‘tamiz, 2016-yilgi yozgi olimpiada o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan Shahobiddin Zoirov, Shahram G‘iyosov professional boksga o‘tgandi. Yana bir olimpiada chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev o‘zini professional boksda sinab ko‘rish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Avvalroq joriy yilning 17—27-aprel kunlari Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ayollar va erkaklar o‘rtasida 10 ta vazn toifasi bo‘yicha medallar uchun kurash olib borishi haqida xabar berilgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!