Farg‘onaning Uchko‘prik tumanida istiqomat qiluvchi M.Qambarov “eskicha” o‘qib, firibgarlik yo‘li bilan 25 million so‘mni o‘zlashtirgani uchun qo‘lga olindi, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zA

Ma’lum bo‘lishicha, kassallikdan davolanish maqsadida S.Yusupov Farg‘onaning Uchko‘prik tumani, Sariqo‘rg‘on qishlog‘ida bemorlarni duolar bilan davolaydigan M. Qambarov oldiga kelgan.

Qambarov uning ishonchiga kirib, duo o‘qib davolashini, ko‘ziga chol va momolar, jinlar ko‘rinishini, jinlar bilan gaplashtirishini aytib aldab, bu “ish” uchun 50 million so‘m so‘ragan. S.Yusupovning buncha puli yo‘qligini bilgan M. Qambarov unga pul topganda kelishini aytib qaytarib yuborgan.

Kasallikdan tuzalish istagida bo‘lgan S.Yusupov soxta tabibning kirdikorlariga uchib, jinlar bilan gaplashish uchun 25 million so‘m pulni olib kelib, davolanishni boshlagan.

M.Qambarov bu pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. S.Yusupov ko‘ziga hech qanday jinlar ko‘rinmagani va kasalligidan tuzalmaganidan so‘ng ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan.

M.Qambarovning ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, unga JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan 57-modda qo‘llanib, eng kam oylik ish haqining 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchiga jazo tayinlashda aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, 2-guruh nogironi ekani, muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni to‘liq qoplangani kabilar inobatga olingan.