O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarining rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Moskva davlat universiteti rektori Viktor Sadovnichiy O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi, bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy Telegram-kanali ma’lumot bermoqda.
Mukofotni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Rustam Qosimov topshirdi.
Mamlakatning Moskvadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro do‘stlik, ishonch va strategik sheriklik ruhida rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Ayniqsa, oliy ta’lim sohasida hamkorlik aloqalari strategik ahamiyati bilan yangi bosqichga ko‘tarilib, ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli loyihalar ko‘lami kengayib borayotgani qayd etildi.
Toshkent shahrida Moskva davlat universiteti filiali ochilishida V.Sadovnichiyning hissasi katta bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali 2006-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib, hozirda filialda 427 nafar talaba psixologiya, amaliy matematika va informatika yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.
Izoh (0)