Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi delegatsiyasining Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumaniga tashrifi davom etmoqda. Delegatsiya a’zolari Gagarin shahridagi 1-umumta’lim maktabida bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tumanda ilk tashkil etilgan ushbu maktab uzoq tarixga ega bilim maskani hisoblanadi. Ta’lim rus, qozoq tillarida olib boriladigan maktabning sobiq o‘quvchilari orasidan taniqli davlat, fan, madaniyat arboblari yetishib chiqqan.
Jumladan, ushbu delegatsiya rahbari, Rossiya davlat dumasi mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi raisi, Rossiya qahramoni, general Vladimir Shamanov ham shu maktabda o‘qigan.
Maktab binosi o‘tgan yili to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy ta’lim maskaniga aylantirilgan. Maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilari bilan uchrashuvda so‘zga chiqqan kosmonavt ikki marta Sovet Ittifoqi qahramoni Vladimir Jonibekov va delegatsiyaning boshqa a’zolari O‘zbekistonda yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Maktabga delegatsiyaning esdalik sovg‘asi topshirildi.
Delegatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T. Xudoyberganov, Jizzax viloyati hokimi E.Soliyev, Mirzacho‘l tumani hokimi K. Xolmurodov hamrohlik qilmoqda.
Izoh (0)