Bugun, 12-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi Szyan Yan va XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Chjan Venchuan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik xabar berdi.
Muloqot davomida “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasini amalga oshirishda ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilarni o‘quv, badiiy, ilmiy va boshqa turdagi adabiyotlar bilan ta’minlash, matbaa uskunalarini modernizatsiya qilish, bosmaxona va ishlab chiqarish binosini ta’mirlash, ko‘zi ojizlar bosmaxonasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Xitoy tomoni O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy moslashuviga sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etib, “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasini amalga oshirishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
Izoh (0)