Toshkent shahri Sergeli tumanida qurilgan arzon uy-joylarning kredit to‘lovlari oshirilgani aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Fuqarolarga ko‘ra, avval boshqacha bozor qilib, bugun boshqa narx aytayotgan mas’ullardan javob talab qilishdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Gazeta.uz”

Ma‘lum bo‘lishicha, Sergeli tuman aholisiga oradan yarim yil o‘tib, qurilayotgan “arzon” uy-joylar 2018-yilning 29-mayida 1 kvadrat metr narxi o‘rtacha 3 770 000 so‘m etib belgilangani haqida xat jo‘natilgan. Xatda haqiqiy xarajatlarni hisoblanib, yana narxlar oshirilishi mumkin degan ibora qo‘shib qo‘yilgan.

Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 23-oktabrda imzolagan “2017—2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 1a ilovasidagi dastlabki bahosidan kelib chiqib, uyning 1 kvadrat metrining narxi 2 841 170 so‘m etib belgilangandi.

“O‘zshaharqurilishinvest” jamiyati bergan ma’lumotga ko‘ra, valyutaning oshishi, imtiyozli narxlarda ajratilgan sement va metall mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish tartibi joriy etilganligi hamda oylik ish haqi miqdorlari o‘rtacha oshganligi, gaz, elektr energiyalar narxlarining ko‘tarilgani uy-joy narxi o‘sishiga ta’sir qilgan.

Ipoteka banki ipoteka kreditlari boshqarmasi boshlig‘i Bobur Nurmuhammedov uy-joylar narxining o‘sishiga  ikkita omilni sabab qilib ko‘rsatdi. Bu kreditning 75 foizdan 85 foizga ko‘tarilishi va uy-joy qiymatining oshishi bilan bog‘liq. Endilikda kredit 121 millon so‘mdan emas 171 millon so‘mdan hisoblanmoqda. O‘tgan yilning 25-oktabrdagi hisob-kitobga ko‘ra, 2 xonali (44 kv m2) uy 125 millonga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, oshgan narx bo‘yicha bu uy 156 millionni tashkil etmoqda. Oylik to‘lovlar ham mos ravishda o‘rtacha 709 000 ming so‘mdan 1 003 000 so‘mga oshgan.

Bundan avval, Oliy Majlisining inson huqulari bo‘yicha vakili (ombudsman) hamda deputat Rasul Kusherboyev  ushbu holatga munosabat bildirgan edi.