Qozog‘iston poytaxtidagi “Ostona” temir yo‘l vokzali “Nur-Sulton temir yo‘l vokzali”ga o‘zgartirildi, deb xabar bermoqda Sputnik.
Bu haqda tegishli qarorni respublika bosh vaziri Askar Mamin imzoladi. “Qozog‘iston Respublikasi hukumati qaror qiladi: “Ostona” temir yo‘l vokzali nomi “Nur-Sulton temir yo‘l vokzali”ga o‘zgartirilsin”, — deyilgan hujjatda.
2017-yilda hukumat qarori bilan Ostona xalqaro aeroporti “Nursulton Nazarboyev” xalqaro aeroportiga o‘zgartirilgandi.
Qozog‘istonda shu yilning 9-iyun kuni navbatdan tashqari prezident saylovi bo‘lib o‘tishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev fuqarolarga mamlakat telekanallari orqali murojaat qildi.
“Men Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan maslahatlashdim, shuningdek, hukumat, parlament, Konstititutsion kengashi rahbarlari va partiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdim. Navbatdan tashqari saylov o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror – juda zarur va muhim bo‘lgan qadamdir. Men 2019-yil 9-iyun kuni navbatdan tashqari prezident saylovi bo‘lib o‘tishi to‘g‘risida qaror qabul qildim”, — dedi To‘qayev jonli efir chog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 19-mart kuni iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi. Saylovgacha Qozog‘iston prezidenti vazifasini Parlament Senati spikeri Qosim-Jomart To‘qayev bajarib turadi.
Izoh (0)