7-aprel, yakshanba kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 3-turida OKMK o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ni qabul qilib, yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratgandi (7:1).
O‘zbekiston Professional futbol ligasi mazkur uchrashuvdagi xatti-harakatlari uchun qo‘qonliklar bosh murabbiyi No‘mon Hasanovga nisbatan intizom jazosi qo‘lladi va uni jarimaga tortdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bellashuvning 74-daqiqasida “Qo‘qon-1912” ustozi o‘z jamoasi darvozasi tomon belgilangan penaltidan keyin texnik zonani tark etgan va uchrashuv bosh hakamiga keskin ravishda e’tiroz bildirgan.
Professional futbol ligasi vaziyatni o‘rganib chiqib, murabbiyga nisbatan intizomiy chora qo‘lladi. Unga ko‘ra bosh murabbiy Tartib-intizom kodeksi 5,6 hamda 5,18 moddalariga asosan bitta uchrashuvga chetlatildi hamda 10 million so‘m jarimaga tortildi.
Bunday vaziyat yana takrorlanadigan bo‘lsa, tashkilot klub va murabbiyga nisbatan qattiqroq chora ko‘rishi mumkinligi haqida ikkala tomonni ham qattiq ogohlantirdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)