Joriy yilning 31-mart—6-aprel kunlari O‘zbekiston delegatsiyasi ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Germaniyaga tashrif buyurdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Delegatsiya tarkibi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Kasb-hunar ta’limi markazi, Kasb-hunar ta’limi tizimidagi o‘qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, O‘zDJTU qoshidagi xorijiy tillarni o‘qitishning innovatsion usullarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi, Davlat test markazi mutaxassislaridan tashkil topgan.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillari Berlin va Brandenburg shaharlarida Germaniya Federativ Respublikasining Madaniyat va ta’lim vazirligi, Senatning ta’lim, yoshlar va oila sohasidagi boshqaruvi, Berlin kasb-hunar ta’limi Markazi, Postdamdagi Gumbold gimnaziyasi, Berlindagi bilingvistik maktablari, ta’lim sohasida sifatni yaxshilash instituti, Berlin Brandenburg maktab media institutlarida uchrashuv va muzokaralar o‘tkazgan.
Shuningdek, A. Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Berlin Brandenburg maktab media instituti o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha hujjat loyihalari ko‘rib chiqilgan.
Berlin texnika universiteti bilan Germaniya federal ta’lim tizimining tuzilishi, maktab, o‘rta ta’lim turlari, universitetlarga kirish, PISA xalqaro baholash tartibi bo‘yicha nemis tajribasi, nazariy va amaliy jihatlari muhokama qilingan.
O‘zbekiston delegatsiyasi, shu bilan birga, Germaniyadagi o‘quv dasturlar, o‘quv rejalar va yakuniy maktab imtihonlariga qo‘yiladigan yagona talablar, ularning kasbiy tayyorgarligi kabi masalalar bo‘yicha ma’lumot olgan va tajriba almashilgan.
Seminar yakunida guruh ishi natijalari baholanib, tahlil qilingan. O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik ishlarini rivojlantirish maqsadida loyihalar ko‘rib chiqilgan.
Xususan, ta’lim sohasida nemis pedagogik texnologiyalaridan samarali foydalanish, jumladan: “Maktablar kelajak hamkorlari” tashabbusi (PASCH), O‘zbekistonda nufuzli universitetlarning filiallarining ochilishi, nemis tilini chuqur o‘rganish va Germaniyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha maktablar tarmog‘ini kengaytirish istiqbollari rejalashtirilgan.
Izoh (0)