Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Marat Ishbekov, viloyat sektor rahbarlari, viloyat va tuman Xalq qabulxonasi mudirlari, davlat idoralari rahbarlari Do‘stlik tumani aholisi bilan sayyor uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Daryo”ga Prezident Xalq qabulxonasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, sayyor qabulda viloyat rahbariga aholi o‘rtasida to‘planib qolgan 159 ta masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushgan. Do‘stlik shahri “G‘.G‘ulom” mahallasida yashovchi Akrom Almanov shahar hududidagi drenajlarning ishlamasligi yillar davomida xalqni qiynab kelayotganini, yerlarning sho‘rlanishi va zaxlanishi borasida shikoyat qilib kelgandi. Ushbu murojaat bo‘yicha “Obod mahalla” Davlat dasturi asosida pul mablag‘lari ajratilib, shahardagi barcha mahallalardagi drenajlarni ishga tushirish borasida ham tegishli ishlar olib borilishi belgilanib, masala yechildi.
Uchrashuvda murojaatlarning asosiy qismi “Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida aholining turar-joylari buzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, yer maydoni ajratish, yashash uchun shart-sharoitlar yaratish kabi muammoli holatlarni bartaraf etishga qaratildi.
Uchrashuvda tumanning “Bunyodkor” qishlog‘ida yashovchi fuqaro Ahmadjon Yo‘ldoshev nogironligi tufayli aravachaga muhtojligi bo‘yicha uzoq vaqt davomida ko‘plab idoralarga murojaat qilganligi, ammo hech kim yordam bera olmaganligi haqida murojjat qildi. Ahmadjon Yo‘ldoshevga o‘sha yerning o‘zidayoq aravacha taqdim etildi.
Ommaviy qabulda fuqarolik pasportini olish, yo‘l va inshootlar qurilishi, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik faoliyati rivojlantirish, bank kredit mablag‘lari ajratish, elektr energiyasi ta’minoti, aholini ish bilan ta’minlash, pensiya hamda nafaqa masalasi bilan bog‘liq savollar 1-sektor rahbarining diqqat markazida bo‘ldi.
Uchrashuvda ko‘tarilgan muammo va bildirilgan takliflarning har biri bo‘yicha alohida ro‘yxat yuritildi. Ular bo‘yicha mas’ullar biriktirilib, mutasaddilarga qat’iy bajarish muddatlari belgilandi.
Izoh (0)