Bugun, 9-aprel O‘zbekiston bo‘ylab Sohibqiron tavalludining 683 yilligi keng nishonlanmoqda. Poytaxtdagi Amir Temur hiyobonida o‘tkazilgan tantanali tadbirda parlament a’zolari, diplomatik korpus, vazirlik va idoralar vakillari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mudofaa vazirligi ofitserlari ham tantanali tadbirda qatnashib, buyuk sarkardaga hurmat bajo keltirdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Hiyobonda tashkil etilgan tadbirdan so‘ng Temuriylar tarixi davlat muzeyida, sayyohlar, o‘quvchi yoshlar, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda poytaxt mehmonlari uchun muzey eshiklari ochib qo‘yilgan. Barchaga Temuriylar tarixiga oid qiziqarli faktlar, tarixiy eksponatlar bilan tanishishlari uchun imkoniyat yaratib berilgan. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan konsert dasturi namoyish etilgan. Orkestr san’atkorlari bu safar Amir Temur davridagi askarlar kiyimlarida chiqib, vatanparvarlik kuylarini ijro etgan.
Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyida tarixchilar, yozuvchi-shoirlar hamda san’at arboblari ishtirokida ilmiy anjuman bo‘lib o‘tgan. Anjumanda temuriylarning dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasiga oid ko‘plab badiiy, publisistik asarlar yaratilayotgani, ilmiy tadqiqotlar olib borilayotgani va bularning bari Sohibqiron Amir Temur shaxsiyati va uni ulg‘aytirgan zamin, tarixiy shart-sharoitga doir yangi-yangi qirralarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etayotgani haqida ma’lumotlar berilgan.
Izoh (0)