Farg‘onada ma’muriy sudlar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida mast holda avtomobil boshqargan 181 nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy ishlar ko‘rib chiqildi, deb xabar qilmoqda O‘zA.
Sudlanuchilar orasida ayollarning borligi achinarlidir. Toshloq tuman ma’muriy sudi tomonidan Marg‘ilon shahrida yashovchi O.Mamajonovaga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish materiallari ko‘rib chiqildi.
O.Mamajonova 2019-yil 22-mart kuni tungi soat 00:45 larda spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast bo‘lgani holda Nexia 3 rusumli avtomashinani Farg‘ona shahar Аl Farg‘oniy ko‘chasi hududida boshqargan paytida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan ushlangan. Viloyat narkologiya dispanserining alkogol iste’mol qilinganligi va mastlik holati tibbiy guvohlantirish bayoniga ko‘ra, unda alkogoldan mastlik holati aniqlangan.
Sud O.Mamajonovani O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 131-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, ushbu modda bilan ikki yil muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilib, eng kam oylik ish haqining 25 baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.
“Аyollar tomonidan turli xildagi huquqbuzarlik yoki jinoyatlarning sodir etilayotganiga befarq bo‘lmasligimiz kerak. Sudlarni vazifasi faqat jazo tayinlash yoki sodir etilgan huquqbuzarliklar va ularga tayinlanayotgan jazolarni oshkor qilish orqali ayrim shaxslarni izza qilish emas, albatta. Maqsad — huquqbuzarliklar kelgusida sodir etilishining oldini olish va profilaktika qilishdan iboratdir”, — deydi Toshloq tumani ma’muriy sudi raisi Аbrorxon Аkramov.
Izoh (0)