Temuriylar tarixi davlat muzeyida Sohibqiron Amir Temurning qosh tolalari, Shohrux qabridan chiqqan mato, Mironshoh qabridan chiqqan munchoq bo‘laklari, Ulug‘bek belbog‘idan parcha, Bibixonim qabridan chiqqan taqinchoq saqlanadi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Ma’lumki, 1941-yil Qori Niyoziy boshchiligidagi komissiya tomonidan Sohibqiron qabri ochilgan va mutaxassislar tomonidan o‘rganilgan. Unda Sohibqiron Amir Temurga tegishli qosh tolalari topilgan. Dunyoda yagona eksponat bizning muzeyimizda saqlanadi. Muzeyda saqlanayotgan eksponatlar orasida Mirzo Ulug‘bekning ipakdan to‘qilgan belbog‘i parchalari ham bor”, – deydi muzey fond bo‘limi mudiri Nargis Xolova.
Shuningdek, eksponatlar orasida Amir Temur kafanining parchasi ham bo‘lib, unda sura yozilgan, u suv ta’siri hisobiga anchayin eskirgan. Bundan tashqari, muzeyda Shohrux qabridan chiqqan mato bo‘lagi, Mironshoh qabridan chiqqan munchoq bo‘lagi, Bibixonim qabridan chiqqan taqinchoq ham saqlanadi. Ularning barchasi Amir Temur maqbarasidan topilgan va 1996-yil tegishli buyruq bilan muzeyga keltirilgan. Muzey ta’mirlanayotgan vaqt eksponatlar bir muddat muzey fondidda saqlangan va yaqinda yana eksponatlar qatoridan joy olgan.
Mazkur eksponatlar muzeyga tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, xorijlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ushbu eksponatlar sabab muzeyga tashrif buyuruvchilar soni oshmoqda. Ma’lumot o‘rnida aytish mukinki, 2018-yil muzeyga jami 171 mingdan ortiq kishi kelgan va ularning 23 mingdan ziyodi xorijlik mehmonlardir. Muzeyga 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar seshanba va juma kunlari bepul kirishlari mumkin. O‘tgan yil muzeyga jami 70 mingdan ortiq kishi bepul kirgan bo‘lsa, ularning 60 mingga yaqini mazkur imtiyozdan foydalangan yoshlar hisoblanadi.
Izoh (0)