Rossiyada 2018-yilda eng ko‘p jinoyat Moskva shahrida sodir etildi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga asoslanib Sputnik xabar qilmoqda.

Foto: Sputnik

Rossiya poytaxti Moskvada 2018-yilda 140 mingta jinoyat qayd etilgan. Moskva viloyati 80,2 mingta jinoyatlar soni bilan ikkinchi o‘rindan joy olgan. Eng ko‘p sodir etilgan jinoyatlar soni bo‘yicha Krasnodar o‘lkasi (68,1 mingta) uchinchi o‘rinni egallagan. Chelyabinsk viloyati (64,8 mingta) va Boshqirdiston Respublikasi esa (57,4 mingta) keyingi o‘rinlardan joy olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, eng kam jinoyat Chukotkada sodir etilgan va eng xavfsiz hudud deb e’tirof etilgan. Bu yerda 2018-yilda 748 ta huquqbuzarlik holati sodir etilgan. Ikkinchi o‘rinda Nenets muxtor okrugi (857 ta jinoyat). Ingushetiya 1,6 mingta huquqbuzarlik ko‘rsatkichi bilan eng xavfsiz mintaqalar uchligiga kiritildi. Keyingi o‘rinlarga Qalmog‘iston Respublikasi (2,7 ming) va Magadan viloyati (2,9 ming) sazovor deb topildi.

2018-yilda jami 1,9 millionta jinoyat sodir etilgani qayd etilgan, bu 2017-yilga qaraganda 3,3 foizga kam.

Jinoyatlarning yarmidan ko‘pi o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish ekanligi ma’lum qilindi.