Toshkent shahar Olmazor tumanida Lal Bahodur Shastri nomidagi hind tilini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etiladi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.
Ushbu maktab “Toshkent shahar Olmazor tumanidagi Lal Bahodur Shastri nomidagi hind tilini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasiga asosan tashkil etilmoqda.
Qaror loyihasiga ko‘ra Xalq ta’limi vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Olmazor tumanidagi 24-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida Lal Bahodur Shastri nomidagi hind tilini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berish ko‘zda tutilgan.
“2019—2020-o‘quv yilidan boshlab, ixtisoslashtirilgan maktabning 5-6-7-sinflariga hamda 2020—2021-o‘quv yilidan boshlab 5-sinfiga 30 nafardan o‘quvchilar qabul qilinadi”, — deyilgan loyihada.
2019-yilning 1-avgustiga qadar ixtisoslashtirilgan maktabning mavjud binosini mukammal ta’mirlash va sobiq binosini rekonstruksiya qilish hamda jihozlash ishlarini yakunlash rejalashtirilgan.
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti professor-o‘qituvchilarini belgilangan tartibda jalb etish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)