1-aprel kuni O‘zbekiston Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Toshkentning Olmazor tumanidagi 100, 102 va 106-sonli maktab-internatida bo‘lib, o‘quvchilar uchun kitoblar jamlanmasini taqdim etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Kun avvalida har uchala maktabda ham Mudofaa vazirligining 600 dan ortiq harbiy xizmatchilari ishtirokida “Mehr ulashib” shiori ostida xayriya hashari uyushtirilgan. Maktablar bog‘iga ekilgan daraxtlar oqlangan, tagi yumshatilgan, anvoyi gullar ekilgan, manzarali o‘simliklarga qayta ishlov berilgan. Yer sathida ko‘rinib turgan eski daraxt kundalari olinib, ularning o‘rniga yangi mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazilgan.
“Maktab bog‘i va hovlisida yig‘ilib qolgan ancha ishimiz bor edi. Harbiylarimiz erta tongdan kelib, hammayoqni obod etishdi. Ancha paytdan beri shu ishlarga hech vaqt ajratolmayotgan edik. Bugun harbiy xizmatchilar chinakam ma’noda yurtdoshlarimizga har jabhada o‘rnak bo‘lishayotganini isbotladi. Bilasiz, bu yer ko‘ngli yarim, ammo orzu-maqsadi olam-olam bo‘lgan murg‘ak bolalar maskani”, – deydi Olmazor tumanidagi 100-sonli miya falaji va tayanch harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan bolalar maktab-internati direktori Tohir Matyoqubov.
Maktab-internatga kirib kelayotgan Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov bog‘da harbiy xizmatchilar bilan birga ko‘chat o‘tqazayotgan o‘quvchilarni ko‘rib, ularning oldiga borgan. Yangi daraxt ko‘chatini tutib turgan o‘quvchi bilan birgalikda nihol ekkan. Bu Mudofaa vaziri va maktab o‘quvchisi ekkan ko‘chat!
Shundan so‘ng maktab-internati o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etilgan, she’r va qo‘shiqlar tinglangan. Ayniqsa, gapirish va eshitish qobiliyati zaif o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan musiqali sahna ko‘rinishi beixtiyor ko‘zlarga yosh keltirgan.
Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov o‘quvchilarga kitoblar ulashar ekan, o‘zining ezgu va samimiy tilaklarini ham bildirib o‘tgan.
Mudofaa vazirining eng sevimli 3 kitobi ro‘yxatidan Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Erix Mariya Remarkning “Uch og‘ayni” va Gabriel Garsiya Markesning “Yolg‘izlikning yuz yili” kitoblari joy olgan edi.
Izoh (0)