2019-yil 26-mart kuni soat 07.00 atrofida Pop tumani hududidan o‘tuvchi “Farg‘ona halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 25- kilometrida ko‘plab insonlar o‘limiga olib kelgan YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga Namangan viloyat IIB YHXB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Namangan viloyat IIB YHXB

Chust tumani Munchoqtepa mahallasida yashovchi Sh.D Lacetti rusumli mashinani boshqarib kelayotganida qarshisidan harakatlanib kelayotgan Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanida yashovchi S.E. boshqaruvidagi Isuzu avtomobili bilan to‘qnashgan.

Hodisa oqibatida Lacetti haydovchisining oila a’zolari — onasi, akasi, turmush o‘rtog‘i, qizi va yana bir yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi. Lacetti haydovchisi hamda Isuzu haydovchisi va yo‘lovchisi tan jarohati olib, Pop tuman kasalxonasiga yotqizilgan.

Foto: Namangan viloyat IIB YHXB

27-mart kuni soat 11:00 atrofida Namangan—Yangiqo‘rg‘on yo‘lining 6-kilometrida, Rovut mahallasi hududida Isuzu avtobusi yo‘lning qatnov qismiga chiqqan piyoda, shu mahallada yashagan 59-sonli maktabning 4-sinf o‘quvchisi, 2008-yilda tug‘ilgan Z. M.ni urib yubordi.

Buning oqibatida o‘quvchi tan jarohati olib, voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.

Yuqoridagi ikki holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.