Tokio shahridagi O‘zbekiston elchixonasi va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda “Globe-Trotter The Latest Travel Trends 2019” nomli yapon tilidagi jurnal nashr etildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.
Nashrda O‘zbekiston 2019-yilda sayohat qilish uchun eng munosib 30 ta davlatlardan biri sifatida tavsiya etilgan.
Shuningdek, jurnalda Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarga ta’rif berish orqali Buyuk Ipak yo‘lining tarixi bilan tanishtiruvchi ramziy ma’nodagi sayohat uyushtirilgan.
“Qadimgi shaharlarning ko‘rinishi, bu yerdagi o‘ziga xos hayot tarzi tashrif buyuruvchilarni lol qoldiradi. Qum va moviy gumbazlar shahri – Xivani aylanganingizda esa, ko‘z oldingizda cho‘l tarafdan qatorlashib kelayotgan tuyalar karvoni namoyon bo‘ladi. Shahardagi tarixiy obidalarning noyob, o‘ziga xos qurilish uslubi tarixni yaqqol so‘zlab berayotgandek, go‘yo”, — deyiladi “Moviy shahar va tarixiy madaniy meroslar” maqolasida.
Bundan tashqari, jurnalda O‘zbekistonning milliy taomlariga ham alohida to‘xtab o‘tilgan bo‘lib, har bir viloyatning taomlari o‘ziga xos uslubda tayyorlanishi, turli xildagi milliy taomlar hech bir sayyohni befarq qoldirmasligi qayd etilgan.
“Globe-Trotter The Latest Travel Trends 2019”ning so‘ngida “Qadimiy shaharlarning salobati va mo‘jizakorligiga guvoh bo‘lish uchun siz xam, albatta, O‘zbekistonga tashrif buyuring!” deya ta’kidlangan.
Izoh (0)