Navoiy viloyati Nurota tumani aholisi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi hamda viloyatdagi Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan ommaviy sayyor qabuli tashkil etildi. Bu haqda Facebook’dagi “Xalq bilan muloqot” guruhi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Mazkur qabul viloyat markazidan 240 kilometr uzoqlikda joylashgan Nurota tumanining “Temirqovuq” mahalla fuqarolar yig‘inida “Temirqovuq”, “Chuqurquduq”, “Cho‘pon ovul”, “Qo‘ziboy quduq” qishloqlari hamda “Sentop” va “Kattasoy” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun tashkil etilgan. Unda 300 dan ortiq fuqaro ishtirok etib, mahalliy aholi uchun dolzarb bo‘lgan 100 ta masala bilan murojaat etgan va o‘z yechimini topgan.
Xususan, Nurota tumanida ichimlik suvi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar hal etilgan. Bu masalada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Maslahatchisi o‘rinbosari Alisher Usmonov va Navoiy viloyati IIB mutasaddilari sayyor yig‘ilish davomida kelishib olgan.
“Bizda suv ta’minotida qiyinchiliklar bo‘lgani uchun dehqonchilik qilishda qiynalamiz. Qurbi yetganlar ortizan bilan suv chiqarishmoqda, yetmaganlarning esa, ahvoli og‘ir”, — deydi fuqaro O‘ral Usmonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu masala tuman aholisini yillar davomida qiynab kelayotgan muammodir. Suvsizlik sabab na tomorqada, na dalada ekin ekish ishlarini yuritish qiyin. Ayniqsa jazirama chilla kunlari mazkur masala dehqonlarni qiyin ahvolga solib qo‘yar ekan.
Muammoni hal etish maqsadida mutasaddilar tez kunlarda imtiyozli kredit evaziga har bir xonadonga artizan quduq qazib berib, suv chiqarish bo‘yicha aniq chora tadbirlar belgilanib, kelishib olingan.
Shuningdek, tadbir davomida mutasaddilar aholining uy-joy bilan ta’minlash, turar joyni kadastr qilish, iste’mol krediti olish, ishsizlik, sog‘liqni saqlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, eskirib ketgan sim yog‘ochlarni yangilariga almashtirish masalalari bo‘yicha ham bildirgan shikoyatlarini tinglab, o‘z joyida murojaatlarning aksariyat qismini qanoatlantirgan.
“Bugun hududdagi 40 kilometrlik ichki yo‘llarni ta’mirlash, mavjud MTMlarni rekonstruksiya qilish, yangilarini qurish masalalarini 2019—2020-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturiga kiritish belgilandi, — deydi viloyat IIB boshlig‘i Rustam Tursunov. — Biz viloyat IIB sektoriga qarashli bo‘lgan mazkur hududlarda shu kunga qadar ham bir necha bor sayyor uchrashuvlar tashkil etgan edik. Ammo bugun aholi qamrovi va muammolarni hal etish imkoniyatlar yanada kengaydi.”
“Temirqovuq” mahallasi fuqarosi Elyor Boboyorov bir necha yildan buyon yashab turgan xonadonida sartaroshlik bilan shug‘ullanib keladi. U faoliyatini kengaytirish, sartaroshxonasini noturar joyga aylantirib zamonaviy jihozlash uchun kam foizli kredit so‘rab murojaat qilgan.
“Men shu kungacha kam foizli kredit olish uchun rosa yugurardim. Yo‘l-yo‘rig‘ini yaxshi bilmaganim uchun kredit ololmagandim. Bugun murojaatim hal etilib, menga 10 million so‘m kredit ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi. Uchrashuvda menga o‘xshagan yana 3 nafar kishiga tadbirkorligi uchun imtiyozli kreditlar olishga qaror chiqarildi”, — deydi E.Boboyorov.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 12-mart sanasida Nurota tumaniga tashrifi chog‘ida tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun 63 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani haqida ma’lumot bergan edi. Uchrashuvlar davomida hududdagi ishsizlik masalasi mazkur mablag‘lardan aholiga 8% bank kreditlari ajratish orqali hal etilishi ham aytib o‘tilgan.
Tadbir yakunida viloyat va tuman rahbariyati e’tibori uchun tashkilotchilar tomonidan aholidan kelib tushgan murojaatning har biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining nazoratida turishi ta’kidlanib, bir oz vaqt o‘tgach ushbu muammolarning hal etilish holati bo‘yicha barcha tuman va viloyatlarda qayta tekshiruvlar o‘tkazilishi alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Izoh (0)