Termiz shahridagi “San’at saroyi” maydonida Alpomish monumental haykali o‘rnatildi. Haykaltarosh Qurbon Norxo‘rozov tomonidan yaratilgan ushbu san’at asarida “Alpomish” dostonidagi bosh qahramon Alpomishning Boychibor otini Bobotog‘ cho‘qqisidan bulutlararo “uchirtirib” borayotgan obrazi tasvirlangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar berdi.
Maydonga ko‘rk baxsh etib turgan ushbu monumentni yaratish uchun haykaltarosh usta tomonidan bir yildan oshiqroq vaqt sarflangan. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Termizda qad rostlagan ushbu monument I Xalqaro baxshichilik san’ati festivali oldidan keng jamoatchilikka taqdim etilishi rejalashtirilgan.
“Ushbu asarimda qahramonning g‘alabaga bo‘lgan ishonchi, kuchi, shiddatini tasvirladim. Qo‘lida yoy ko‘targan, mard, jasur, o‘ziga ishonchi baland Alpomish siymosini yaratishga asosiy e’tibor qaratdim”, — deydi haykaltarosh Qurbon Norxo‘rozov.
Aytish kerakki, o‘zbek xalqining ori, tantiligi, g‘ururi, yurtga muhabbatini o‘zida aks ettirgan ushbu ijod namunasi o‘sib kelayotgan yosh avlodni yurtga sadoqat, vatanparvar, mard va jasur etib tarbiyalashda muhim o‘rin tutishi shubhasiz.
Izoh (0)