Bugungi kunga kelib texnologiya o‘z chegarasiga yetib borgan va boshqa hech qanday yangi kashfiyotlar qilinmaydigandek tuyuladi. Biroq ixtirochilar bunday fikrda emas va turmushimizni yengillashtirishtiruvchi yangidan yangi gadjetlar bilan hayron qoldirishdan to‘xtamayapti.

AdMe texnika borasidagi shunday kashfiyotlardan 10 tasini taqdim etdi.

  1. Reklamadan himoya qiluvchi ko‘zoynak

Foto: AdMe

Aksariyat odamlar reklamani yoqtirmaydi. Haqiqatan ham, shahar ko‘chalarida juda ko‘p reklama bannerlariga duch kelamiz, sevimli serialimiz orasida ham reklama berilganidan ba’zan ulardan qochib qutulib bo‘lmaydi.

Shu sababli Ivan Kesh va Skott Blyu filtrlash prinsipi asosida ishlovchi maxsus IRL Glasses ko‘zoynagini yaratdi. Uning linzalariga maxsus qoplama o‘rnatilgan bo‘lib, nafaqat ultrabinafsha nurdan himoya qiladi, balki ekranlardan taraluvchi nurni xam bloklaydi.

IRL Glasses smartfon displeyi va OLED-matritsalaridan tashqari barcha turdagi displeylardan himoya qiladi, biroq ishlab chiqaruvchilar buni tuzatishga va’da bergan. Ushbu sehrli ko‘zoynak 2019-yilning aprel oyida savdoga chiqariladi. Narxi esa 49 dollarni tashkil etadi.

  1. Kerakli buyumni yo‘qotmaslikka yordam beruvchi qurilma

Foto: Instagram

Biror narsani yo‘qotishdan hech kim sug‘urtalanmagan. Endi esa kalit, hamyon, bagaj va boshqa qimmatli narsalar ishonchli himoya ostida bo‘ladi. Tile Mate qurilmasi signal chalib narsalarni qoldirib ketishga yoki yo‘qotishga imkon bermaydi. Bu portativ Bluetooth-datchik bo‘lib, uni istalgan narsaga biriktirib qo‘yish mumkin.

Qurilma Bluetooth orqali smartfon yoki planshetga ulanadi. Maxsus dastur unga bog‘langan narsalarning holatini nazorat qiladi va ko’rsatadi (yoqilgan/o‘chirilgan). Brelok aloqada bo‘lganda uni dasturdagi tugmani bosib, buyumdan chiqqan musiqa ovozi yordamida topib olish mumkin. Qurilma allaqachon savdoga chiqarilgan.

  1. Rassom robot

Foto: Instagram

Scribit — interyerni bezatishda foydalaniladigan robot. U vertikal devorlarni yarim avtomat rejimda bo‘yaydi. U uncha katta bo‘lmagan metall platformadan iborat bo‘lib, ikkita trosda oddiy romga yoki devorning o‘ziga osib qo‘yiladi. Qurilma troslar yordamida harakatlanib, devor yuzasi bo‘ylab surat chizadi. Unda turli rangdagi to‘rtta marker va o‘chirg‘ich bor.

Robot smartfonga o‘rnatilgan maxsus dastur yordamida ishlaydi. Unda chiziladigan surat trayektoriyasi belgilanadi. Foydalanuvchi nimani chizish kerakligini va chizish chegarasidan chiqib ketmasligi uchun “xolst”ning masshtabini belgilab olishi kerak. Hozircha qurilma savdoga chiqarilmagan. U 2019-yilning 26-aprel kuni Milanda bo‘lib o‘tadigan Salone del Mobile ko‘rgazmasida namoyish etiladi.

  1. Nazorat brasletlari

Foto: Instagram

Myo Armband — nazorat qiluvchi braslet bo‘lib, dastchikni bir joyda ushlab turuvchi rezina shnurlardan iborat. U mushak impulsini hisoblaydi va siz amalga oshirmasingizdan avval bajarmoqchi bo‘lgan harakatlaringizni aniqlaydi.

Qurilma to‘rt turdagi harakatlarni kuzatadi.

  1. Fitnes rejimni nazorat qiluvchi oyna.

Foto: Instagram

Mirror — interaktiv fitnes murabbiy vazifasini bajaruvchi devor ekrani. U foydalanuvchilarga mashqlarni real vaqtda ko‘rsatish va shu vaqtning o‘zida trenerdan javob olish imkonini beradi. Bu qurilma sport bilan fitnes zalga qatnamasdan, istalgan vaqtda uyda shug‘ullanish imkonini beradi.

  1. Aqlli hovli

Foto: Instagram

SproutsIO — ildizmevalar, ko‘katlar va mevalar yetishtirish uchun qulay sharoit yaratuvchi intellektual bog‘.

Qurilmadagi dastur yordamida suv, ozuqa moddalari va yorug‘likni avtomatik ravishda kerakli miqdorda tanlaydigan sozlamalarni o‘rnatish mumkin.

Shuningdek, dastur mevaning shirinlik darajasini o‘zgartirish imkonini beradi.

Qurilma ochiq havodagi an’anaviy bog‘larga kerak bo‘ladigan suvning atigi ikki foizini iste’mol qiladi, lekin shu bilan birga, o‘simliklar o‘sishini uch baravar tezlashtiradi.

  1. Parvarishlashga yordam beruvchi oyna

Foto: Instagram

Care OS – maxsus oyna bo‘lib, teri parvarishi borasida maslahatlar berish uchun yuzni tanib olish va imo-ishoralardan foydalaniladi. U, shuningdek, musiqa qo‘yish va selfi tushish imkonini ham beradi. Kashfiyotning asosi kamera bo‘lib, foydalanuvchining teri holatini tahlili qilib, uni namlantirish va ultrabinafsha nurlardan himoya qilish borasida tavsiyalar beradi.

  1. Filtr niqob

Foto: Facebook

Breaze niqobi kundalik hayotda sog‘liqqa zarar yetkazuvchi mayda zarralardan tortib bakteriyalargacha filtrlaydi. Katta shaharlar va megapolislarda yashovchi va o‘z sog‘lig‘i haqida qayg‘uruvchi odamlarga ayni muddao.

  1. Buklanuvchan televizor

Foto: Instagram

LG kompaniyasining OLED-televizori juda ingichka bo‘lib,vazni taxminan ikki kilogramm keladi. U magnit taglik yordamida devorga yopishtiriladi. Bunday ekran ranglarni tiniq ko‘rsatadi va boshqa suyuq kristalli televizorlarga nisbatan energiyani ancha tejaydi.

  1. Aqlli eshik qulfi

Foto: Instagram

August Smart Lock — aqlli qulf bo‘lib, ko‘cha eshigini Bluetooth orqali mobil dasturi yordamida boshqarish imkonini beradi. Dastur bloklash jarayonini kuzatib, eshik yopilganiga ishonch hosil qilish ga yordam beradi. Shuningdek, dastur yordamida masofadan turgan holda yaqin insonlar va do‘stlarga eshikni ochish ham mumkin. Qurilma allaqachon savdoga chiqarilgan.